Adolatning mezonin, Zul Jalolning kalomin, Yer yuzining nizomin Har lafzini shirkdan poklayin, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin
Faxr ila, ko’zda yosh ila, Hidoyatga intilish ila, Go’zal sabr va bardosh ila Qo’yib bering, Qur’on yodlayin
Amal qilib har bir hukmiga, Chiroq qilib olay qo’limga. Misli ziyo bo’lsin yo’limda, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin
Jiddu jahd va ko’p rag’bat bilan, Sodiqlig-u, ham g’ayrat bilan, Cheksiz sevgi-muhabbat bilan, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin
Umid qilib mangu farog’at, Bu dunyodan bo’lib bexojat, Bor ne’matga qilib qanoat, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin.
Chetga surib o’yin-kulguni, Kamroq qilib tunda uyquni, Ko’zlarimga surib men uni, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin.
Qo’lga olsam, buyuk hamsuhbat, O’lik qalbga baxsh etar hayot. Oxiratda buyuk mukofot, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin.
Mo’min uchun hikmat va ibrat, Johillikdan berar u najot, Inshalloh, qilar shafoat, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin.
Mo’jiza u, buyuk mo’jiza, Do’st bo’lganga, qanday yaxshi do’st? Imkon qadar men bir ojiza, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin.
Bas, toqatim yetgunigacha, Qalbim obod etgunigacha, To qabrga ketgunimgacha, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin
Qabrdagi hamrohim bo’lsiп, Sirotdagi yo’ldoshim bo’lsin, Tashna qalbim hikmatga qonsin, Qo’yib bering, Qur’on yodlayin…
ROBBIM ATO ETGAN XALOSKOR
Dunyo edi jaholat-u zalolatga bir makon, Zulm, jabr, yоvuzliklar hukm surar beomon, Mittigina go’dak qizlar boshlari uzra ketmon Tiriklayin ko’milardi, na ko’rardi ro’shnolik, Onalarning qalbi pora, qon yig’latar judolik.
Adolatni, vijdonini unutgan bu johillar, Insonni inson emas, bir asir deya bilar. Ayollar ham qadrsiz har eshikda xor-u zor Yovuzliklar qa’rida na ko’rardi ro’shnolik, O’zligidan ayrilgan, qon yig’latar judolik… * * * Habibimiz qalbiga solib cheksiz hidoyat, Mazlum bandalariga aylab buyuk inoyat. Ming kechadan afzal tunda nurli aylab osmonni, Buyuk Robbim nozil qildi bu mo’jiza Furqonni.
23 yil davom etgan bu samoviy muloqot Muslimlarga bo’ldi go’yo buyuk hadyа-mukofot. Iymon yomg’iri ila unib chiqdi qalblarda Yovuzliklar tuprog’iga singib ketgan diyonat.
Har lafzida fasohat madh etar iymonni, Har lafzida balog’at karamlaydi insonni, Hidoyat va ofiyat xazinasi, shubhasiz, Ikki dunyo saodatin naqd qilguvchi mo’jiza.
Xabar berar moziydan fosiqlarning ahvolin. Shayton vasvasasi-yu nabiylarning kamolin. Solihlarga mukofot, gunohkorlarga chora. Har lafzida cheksiz ma’no haqiqatga ishora.
Mazlumlarning qalblariga bahor bo’lib keldi u, Toptalgan huquqlarning badalidan xushxabar, Huzurimda nasibang bor visolgacha qil sabr! Deya xitob qildi Rahmon ojiz bandalariga.
Bundan ziyod nusrat bormi bu zaifa qalblarga Mashaqqatlar ostida ortib borarim oni? Dinsizlarning sitamlari ko’r qilar o’z qalblarin, Mahrumlikdan ortiq jazo bormi u zolimlarga? * * * Ko’rdim ne-ne shoirlarni mashhur qilgan she’rlarin, Ko’rdim ne-ne podshohlarning boshqaruv qonunlarin, Lek yillar davomida yo’qotib o’z qiymatin, Asrlar changalida singib ketdi moziyga.
XIV asr davomida saqlab komil suratin, Mo’minlarning qalbiga ato etib ziyo-nur, Robbim qildi o’z kalomin insoniyat ahliga Zulmatdan nur sari olg’a yetaklovchi vosita…
Xadichai Kubro ayol-qizlar o`rta maxsus islom bilim yurti 3-kurs talabasi Malikova Muattar
|